Taʼlim oluvchilar quyidagi huquqlarga ega: bepul asosda umumiy oʻrta, oʻrta maxsus taʼlim va boshlangʻich professional taʼlim olish; yashash joyidagi (mikrohududdagi) davlat umumiy oʻrta taʼlim muassasasiga qabul qilinish; taʼlim olish shakllarini erkin tanlash; davlat taʼlim standartlari, davlat taʼlim talablari va oʻquv dasturlariga muvofiq sifatli taʼlim olish; taʼlim olish uchun oʻzining ruhiy xususiyatlari va fiziologik rivojlanishi inobatga olingan holda zarur shart-sharoitlarga ega boʻlish, shuningdek bepul psixologik-tibbiy xizmatlardan foydalanish; davlat taʼlim muassasasi tomonidan belgilangan tartibga muvofiq, professional taʼlim va oliy taʼlimning davlat taʼlim standartlari talablariga binoan ishlab chiqilgan, oʻzi oladigan taʼlimning mazmunini shakllantirishda ishtirok etish; pedagog xodimlar va taʼlim-tarbiya jarayonining boshqa ishtirokchilari tomonidan hayoti va sogʻligʻiga qilinadigan har qanday jismoniy hamda ruhiy zoʻravonlikdan, shaxsi haqoratlanishidan himoyalanish; taʼlim olish davrida dam olish va boshqa ijtimoiy ehtiyojlar uchun taʼtillar olish; akademik taʼtillar va stipendiyalar olish, oʻqishni tiklash va oʻqishini boshqa taʼlim tashkilotlariga, bir taʼlim shaklidan, kasbdan, taʼlim yoʻnalishidan, mutaxassisligidan boshqasiga koʻchirish; taʼlim tashkilotini boshqarishga doir masalalarni muhokama qilishda ishtirok etish; taʼlim olish jarayonida taʼlim tashkilotining oʻquv, uslubiy, ilmiy-ishlab chiqarish, madaniy, sport va maishiy obyektlari xizmatlaridan bepul foydalanish; taʼlim tashkilotining ilmiy-tadqiqot, tajriba-konstruktorlik, ilmiy-texnikaviy, eksperimental va innovatsion faoliyatida ishtirok etish. Taʼlim oluvchilar qonunchilikka muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin. Taʼlim tashkilotlarida taʼlim oluvchilarni taʼlim olish bilan bogʻliq boʻlmagan ishlarga jalb etish taqiqlanadi.