Davlat jismoniy, aqliy, sensor (sezgi) yoki ruhiy nuqsonlari boʻlgan bolalarning (shaxslarning) davlat ixtisoslashtirilgan taʼlim muassasalarida, umumiy oʻrta, oʻrta maxsus, professional taʼlim muassasalarida inklyuziv shaklda bepul umumiy oʻrta, oʻrta maxsus, professional va qoʻshimcha taʼlim olishini taʼminlaydi. Jismoniy, aqliy, sensor (sezgi) yoki ruhiy nuqsonlari boʻlgan, shuningdek uzoq vaqt davolanishga muhtoj boʻlgan bolalarni oʻqitish hamda tarbiyalash uchun davlat ixtisoslashtirilgan taʼlim muassasalari tashkil etiladi. Taʼlim oluvchilarni ushbu taʼlim muassasalariga yuborish va ulardan chetlatish ota-onasining yoki boshqa qonuniy vakillarining roziligi bilan tibbiy-psixologik-pedagogik komissiyaning xulosasiga binoan amalga oshiriladi. Davlat ixtisoslashtirilgan taʼlim muassasalarida taʼlim oluvchilar davlat taʼminotida boʻladi.