Taʼlim toʻgʻrisida 57-modda. Nodavlat taʼlim tashkilotlarining faoliyatini litsenziyalash

Nodavlat taʼlim tashkilotlarining faoliyatini litsenziyalash “Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni bilan tartibga solinadi. Nodavlat taʼlim tashkilotlariga litsenziya berish va qayta rasmiylashtirish, litsenziyaning amal qilishini toʻxtatib turish, shuningdek litsenziyani bekor qilish yoki uni bekor qilish toʻgʻrisidagi ariza bilan sudga murojaat qilish qonunchilikda belgilangan tartibda Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan amalga oshiriladi. Litsenziyalar nomuayyan muddatga, taʼlimning quyidagi turlari uchun alohida beriladi: maktabgacha taʼlim va tarbiya (bundan oilaviy maktabgacha taʼlim mustasno); umumiy oʻrta va oʻrta maxsus taʼlim; professional taʼlim; oliy taʼlim; oliy taʼlimdan keyingi taʼlim.