Toʻlovga qobiliyatsizlik toʻgʻrisida 101-modda. Sud sanatsiyasi rejasiga va qarzni toʻlash jadvaliga oʻzgartishlar kiritish

Qarzdor sud sanatsiyasi rejasini va (yoki) qarzni toʻlash jadvalini bajarmagan taqdirda (qarz belgilangan muddatlarda va (yoki) belgilangan hajmlarda toʻlanmaganda), u qarzni toʻlash jadvaliga kiritish moʻljallanayotgan oʻzgartishlarni maʼqullash toʻgʻrisidagi iltimosnoma bilan kreditorlarga talablarni bajarish sanasi boshlangan vaqtdan eʼtiboran ikki hafta muddat ichida murojaat qilishga haqli. Iltimosnomaning koʻchirma nusxasi sanatsiya qiluvchi boshqaruvchiga yuboriladi. Sanatsiya qiluvchi boshqaruvchi iltimosnoma olingan paytdan eʼtiboran ikki haftadan kechiktirmay ushbu iltimosnoma asosida kreditorlarning yigʻilishini chaqiradi. Agar kreditorlar sud sanatsiyasi rejasini va qarzni toʻlash jadvalini toʻliq yoki qisman bajarishning imkoni mavjud emasligini aniqlasa yoxud ularni faqat oʻzgartishlar kiritish orqali amalga oshirish imkoni mavjud deb hisoblasa, sud sanatsiyasi rejasiga va qarzni toʻlash jadvaliga sud oʻzgartish kiritishi mumkin. Kreditorlar yigʻilishining sud sanatsiyasi rejasiga va (yoki) qarzni toʻlash jadvaliga oʻzgartishlar kiritish haqidagi qarori ushbu Qonunning 100-moddasida belgilangan tartibda qabul qilinadi. Agar qarzni toʻlash jadvaliga oʻzgartishlar kiritish toʻgʻrisida qaror qabul qilinsa, kreditorlarning yigʻilishi qarzni toʻlash jadvalidagi oʻzgartishlarni tasdiqlash haqidagi iltimosnoma bilan sudga murojaat qilish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi. Toʻlovga qobiliyatsizlik toʻgʻrisida ish qoʻzgʻatilganligi haqida oʻz vaqtida xabardor qilinmagan va qarzni toʻlash jadvali sud tomonidan tasdiqlanganidan keyin ishga qoʻshilgan kreditorning talablari yoki ushbu kreditorning qaysi talablari boʻyicha majburiyatlarni bajarish muddati kuzatuv tartib-taomili jarayonida boshlangan boʻlsa, oʻsha talablari sudning ajrimiga koʻra qarzni uzish jadvaliga kiritiladi. Sud faqat kreditorlarning talablari reyestriga kiritilgan talablarga nisbatan qarzni toʻlash jadvaliga oʻzgartishlar kiritish toʻgʻrisida ajrim chiqarishga haqli.