Agar qarzdorning toʻlov qobiliyatini tiklashning haqiqiy imkoniyati aniqlansa, tashqi boshqaruv tartib-taomili kreditorlar yigʻilishining iltimosnomasi, ustav fondida (ustav kapitalida) davlat ulushi boʻlgan qarzdor boʻyicha esa vakolatli davlat organining arizasi asosida sud tomonidan joriy etiladi. Sudning tashqi boshqaruv tartib-taomilini joriy etish haqidagi ajrimi darhol ijro etilishi lozim va bu ajrim ustidan qonunchilikda belgilangan muddatda shikoyat berilishi (protest keltirilishi) mumkin. Tashqi boshqaruv tartib-taomili, agar ushbu Qonunda boshqacha qoida nazarda tutilmagan boʻlsa, oʻn ikki oydan yigirma toʻrt oygacha muddatga joriy etiladi. Tashqi boshqaruv tartib-taomili uchun belgilangan muddat ushbu moddaning uchinchi qismida belgilangan muddatlar doirasida kreditorlar yigʻilishining iltimosnomasiga, vakolatli davlat organining qaroriga yoki tashqi boshqaruvchining arizasiga koʻra sud tomonidan qisqartirilishi yoki uzaytirilishi mumkin. Sud sanatsiyasi va tashqi boshqaruv tartib-taomillarining jami muddati oʻttiz oydan oshmasligi kerak. Agar sud sanatsiyasi tartib-taomili joriy etilgan sanadan to sud tashqi boshqaruv tartib-taomilini joriy etish toʻgʻrisidagi masalani koʻrib chiqish kuniga qadar oʻn sakkiz oydan ortiq vaqt oʻtgan boʻlsa, sud qarzdorni bankrot deb topish va tugatishga doir ish yuritishni boshlash haqida qaror chiqaradi.