Tashqi boshqaruvchi oʻz vazifasini bajarishdan quyidagi hollarda sud tomonidan ozod etilishi mumkin: oʻz arizasiga binoan; zimmasiga yuklatilgan vazifalarni bajarmagan yoki lozim darajada bajarmagan taqdirda kreditorlar yigʻilishining qarori asosida. Bunday holda kreditorlar yigʻilishining qarorida tashqi boshqaruvchilikka tavsiya etilayotgan yangi nomzod haqidagi maʼlumotlar boʻlishi kerak; vakolatli davlat organining arizasi asosida; ushbu Qonunning 22-moddasiga muvofiq tashqi boshqaruvchi etib tayinlanishiga monelik qiladigan holatlar aniqlangan taqdirda. Tashqi boshqaruvchi qonunchilikka muvofiq boshqa hollarda ham oʻz vazifalarini bajarishdan ozod etilishi mumkin. Tashqi boshqaruvchini oʻz vazifasini bajarishdan ozod etish toʻgʻrisidagi ajrim darhol ijro etilishi kerak va ajrim ustidan shikoyat berilishi (protest keltirilishi) mumkin. Mazkur ajrim ustidan shikoyat berilishi (protest keltirilishi) bunday ajrimning ijro etilishini toʻxtatib qoʻymaydi.