Toʻlovga qobiliyatsizlik toʻgʻrisida 118-modda. Qarzdorning mol-mulkini tasarruf etish

Qarzdor mol-mulkining egasi yoki taʼsis hujjatlari bilan vakolat berilgan organlar qarzdorning mol-mulkini tasarruf etish boʻyicha qaror qabul qilishga yoxud tashqi boshqaruvchining vakolatlarini boshqacha tarzda cheklashga haqli emas, bundan ushbu Qonunda nazarda tutilgan hollar mustasno. Agar ushbu Qonunda yoki tashqi boshqaruv rejasida boshqacha qoida nazarda tutilmagan boʻlsa, yirik bitimlar va manfaatdorlik nazarda tutilgan bitimlar tashqi boshqaruvchi tomonidan faqat kreditorlar yigʻilishining yoki kreditorlar qoʻmitasining roziligi bilan tuziladi. Balans qiymati qarzdorning koʻchmas mol-mulkini yoki bitim tuzish paytidagi aktivlari balans qiymatining oʻn foizidan koʻprogʻini tashkil etadigan boshqa mol-mulkini tasarruf etishga olib keladigan bitimlar yirik bitimlar jumlasiga kiradi. Bitimni tuzgan taraflardan biri tashqi boshqaruvchiga yoki kreditorga nisbatan manfaatdor shaxs boʻlsa, bunday bitimlar manfaatdorlik nazarda tutilgan bitimlar deb eʼtirof etiladi.