Sudning tashqi boshqaruv tartib-taomilini joriy etish toʻgʻrisidagi ajrimi qarzdor toʻlovga qobiliyatsizlik toʻgʻrisidagi ish qoʻzgʻatilguniga qadar tuzgan shartnomalarni bajarishni toʻxtatish yoki ularni bajarishni rad etish uchun asos boʻla olmaydi. Qarzdorga nisbatan toʻlovga qobiliyatsizlik toʻgʻrisidagi ish qoʻzgʻatilguniga qadar tuzilgan, qarzdorning faoliyatini davom ettirish uchun muhim boʻlgan shartnomalarning bajarilishi tashqi boshqaruvchi tomonidan davom ettiriladi, bundan ushbu Qonunda nazarda tutilgan hollar mustasno. Bunda qarzdor tuzgan shartnomalarni qarzdorga nisbatan tashqi boshqaruv tartib-taomili joriy etilganligi munosabati bilan bajarishni toʻxtatish yoki ularni bajarishni rad etish boʻyicha taraflarning kelishuvlari haqiqiy emas deb hisoblanadi, bundan ushbu Qonunda nazarda tutilgan hollar mustasno. Tashqi boshqaruvchi toʻlovga qobiliyatsizlik toʻgʻrisidagi ish qoʻzgʻatilguniga qadar qarzdor tuzgan shartnomalarni bajarishni faqat toʻliq yoki qisman bajarilmagan shartnomalarga nisbatan, quyidagi holatlardan biri mavjud boʻlgan taqdirda rad etishga haqli: shartnomalarni bajarish qarzdor uchun zarar keltirsa va (yoki) qiyosiy holatlarda tuziladigan xuddi shunday shartnomalarga nisbatan qarzdorning, kreditorlarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini buzsa; shartnoma uzoq muddatli (bir yildan ortiq muddatga tuzilgan) boʻlsa yoki faqat uzoq istiqbolda qarzdor uchun ijobiy natijalar olishga moʻljallangan boʻlsa; shartnomada bir kreditorning talablarini boshqa kreditorlar talablariga nisbatan afzalroq tarzda qanoatlantirish nazarda tutilgan boʻlsa; qarzdorning toʻlov qobiliyatini tiklashga monelik qiluvchi boshqa holatlar mavjud boʻlsa. Ushbu moddaning ikkinchi qismida nazarda tutilgan hollarda shartnoma barcha taraflar tomonidan shunday shartnoma yuzasidan tashqi boshqaruvchining shartnomani bajarishni rad etishi toʻgʻrisidagi arizasi olingan paytdan eʼtiboran bekor qilingan deb hisoblanadi. Shartnomani tuzgan taraflardan biri, agar unga nisbatan qa