Bir turdagi kreditorlar quyidagi guruhlarga boʻlinadi: birinchi guruh — qarzdorning garov bilan taʼminlangan majburiyatlari boʻyicha kreditorlar; ikkinchi guruh — qarzdorga nisbatan garov bilan taʼminlanmagan shartnomalardan, mahsulot yetkazib berish, ishlarni bajarish va xizmatlar koʻrsatish, shuningdek majburiy sugʻurta va bank kreditlarini sugʻurta qilish shartnomalaridan kelib chiqadigan talablar boʻyicha kreditorlar; uchinchi guruh — soliqlar va yigʻimlar boʻyicha kreditorlar; toʻrtinchi guruh — mehnat shartnomalariga koʻra mehnatga haq toʻlash va kompensatsiyalar toʻlash boʻyicha, alimentlar undirish toʻgʻrisidagi talablarni qanoatlantirish uchun hisobvaraqdan pul mablagʻlarini oʻtkazishni yoki berishni nazarda tutuvchi ijro hujjatlari boʻyicha, mualliflik shartnomalari yuzasidan haq toʻlash boʻyicha, qarzdorning mehnatga oid va unga tenglashtirilgan huquqiy munosabatlardan kelib chiquvchi majburiyatlarining teng darajada bajarilishini taʼminlovchi toʻlovlar va talablar, shuningdek fuqarolarning jinoiy yoki maʼmuriy huquqbuzarlik oqibatida oʻz mol-mulkiga yetkazilgan zararning oʻrnini qoplashga doir talablari boʻyicha kreditorlar; beshinchi guruh — hisoblangan dividendlar boʻyicha qarzdorning aksiyalari egalari. Kreditorlar yigʻilishida ushbu Qonun 12-moddasi beshinchi qismining ikkinchi va uchinchi xatboshilarida koʻrsatilgan masalalarni koʻrib chiqishda birinchi, ikkinchi va uchinchi guruh kreditorlari ovoz berish huquqiga ega. Kreditorlar yigʻilishida ushbu Qonun 12-moddasi beshinchi qismining toʻrtinchi , beshinchi , oltinchi va yettinchi xatboshilarida koʻrsatilgan masalalarni koʻrib chiqishda birinchi hamda ikkinchi guruh kreditorlari ovoz berish huquqiga ega. Agar kreditor qarzdorga taalluqli tan olingan talablarni saqlovchi boʻlsa, kreditorlar yigʻilishida ovoz berish huquqiga ega boʻladi.