Toʻlovga qobiliyatsizlik toʻgʻrisida 139-modda. Tashqi boshqaruvchining vakolatlarini tugatish tartibi

Toʻlovga qobiliyatsizlik toʻgʻrisidagi ishni yuritish tugatilganligi yoki sud tomonidan qarzdorni bankrot deb topish va tugatishga doir ish yuritishni boshlash haqida qaror qabul qilganligi tashqi boshqaruvchining vakolatlari tugashiga olib keladi. Agar tashqi boshqaruv tartib-taomili kelishuv bitimini tuzish yoki kreditorlarning talablari qanoatlantirilishi bilan tamomlansa, tashqi boshqaruvchi yangi rahbar saylanguniga (tayinlanguniga) qadar qarzdorning rahbari vazifasini bajarishni davom ettirib turadi. Tashqi boshqaruvchi qarzdorning rahbarini saylash (tayinlash) toʻgʻrisidagi masalani koʻrib chiqish uchun qarzdorning boshqaruv organini oʻz tashabbusi bilan chaqirishga haqli. Qarzdorning va qarzdor mol-mulki egasining boshqa boshqaruv organlari vakolatlari tiklanadi. Agar sud tomonidan qarzdorni bankrot deb topish va tugatishga doir ish yuritishni boshlash toʻgʻrisida qaror qabul qilingan hamda tugatish boshqaruvchisi etib boshqa shaxs tayinlangan boʻlsa, tashqi boshqaruvchi tugatish boshqaruvchisiga ishlarni topshirguniga qadar oʻz vazifasini bajarishni davom ettirib turadi. Tashqi boshqaruvchi tugatish boshqaruvchisi tayinlangan sanadan eʼtiboran uch ish kunidan kechiktirmay ishlarni unga topshirishi shart.