Tugatish boshqaruvchisi tugatishga doir ish yuritish jarayonida qarzdorning soʻmda yuritiladigan yagona va valyutada yuritiladigan yagona hisobvaraqlaridan (bundan buyon matnda qarzdorning yagona hisobvaraqlari deb yuritiladi) foydalanishi shart. Qarzdorning bankdagi tugatishga doir ish yuritish boshlanayotgan paytda maʼlum boʻlgan, shuningdek tugatishga doir ish yuritish jarayonida aniqlangan boshqa hisobvaraqlari aniqlanishi bilanoq tugatish boshqaruvchisi tomonidan yopilishi lozim. Qarzdorning ana shu hisobvaraqlardagi pul mablagʻlari qoldigʻi qarzdorning yagona hisobvaraqlariga oʻtkazilishi kerak. Tugatishga doir ish yuritish jarayonida kelib tushgan pul mablagʻlari ham qarzdorning yagona hisobvaraqlariga oʻtkaziladi. Qarzdorning yagona hisobvaraqlaridan kreditorlarga toʻlovlar ushbu Qonunning 149 , 150 va 185-moddalarida nazarda tutilgan tartibda amalga oshiriladi hamda quyidagilar toʻlanadi: tugatish boshqaruvchisiga haq toʻlash bilan bogʻliq xarajatlar; qarzdorning kommunal xizmatlarga va foydalanish xarajatlariga oid joriy toʻlovlari; toʻlovga qobiliyatsizlik tartib-taomillari jarayonidagi maʼlumotlarni eʼlon qilish, shuningdek qarzdorning kreditorlarini xabardor qilish bilan bogʻliq xarajatlar; tugatishga doir ish yuritishni amalga oshirish bilan bogʻliq boshqa xarajatlar. Tugatish boshqaruvchisi qarzdorning pul mablagʻlaridan foydalanganlik toʻgʻrisidagi hisobotni kreditorlar yigʻilishiga yoki kreditorlar qoʻmitasiga ushbu Qonunning 155-moddasida nazarda tutilgan tartibda taqdim etadi.