Toʻlovga qobiliyatsizlik toʻgʻrisida 156-modda. Tugatish boshqaruvchisini ozod etish

Tugatish boshqaruvchisi oʻz vazifasini bajarishdan quyidagi hollarda sud tomonidan ozod etilishi mumkin: oʻz arizasiga binoan; zimmasiga yuklatilgan vazifalarni bajarmagan yoki lozim darajada bajarmagan taqdirda kreditorlar yigʻilishining qarori asosida. Bunday holda kreditorlar yigʻilishining qarorida tugatish boshqaruvchilikka tavsiya etilayotgan yangi nomzod haqidagi maʼlumotlar boʻlishi kerak; vakolatli davlat organining arizasi asosida; ushbu Qonunning 22-moddasiga muvofiq tugatish boshqaruvchi etib tayinlanishiga monelik qiladigan holatlar aniqlangan taqdirda. Tugatish boshqaruvchisi oʻz vazifasini bajarishdan qonunchilikka muvofiq boshqa hollarda ham sud tomonidan ozod etilishi mumkin. Sud tugatish boshqaruvchisini oʻz vazifasini bajarishdan ozod qilish bilan bir vaqtda yangi tugatish boshqaruvchisini ushbu Qonunning 142-moddasida nazarda tutilgan tartibda tayinlaydi. Tugatish boshqaruvchisini oʻz vazifasini bajarishdan ozod qilish haqidagi sudning ajrimi darhol ijro etilishi lozim va ajrim ustidan shikoyat berilishi (protest keltirilishi) mumkin.