Toʻlovga qobiliyatsizlik toʻgʻrisida 16-modda. Kreditorlar yigʻilishining bayonnomasi

Kreditorlar yigʻilishida bayonnoma yuritiladi. Kreditorlar yigʻilishi bayonnomasiga quyidagilar ilova qilinishi kerak: kreditorlar yigʻilishi oʻtkazilayotgan sanadagi holatga koʻra kreditorlarning talablari reyestri; kreditorlar vakillarining vakolatlarini tasdiqlovchi hujjatlar; kreditorlar yigʻilishi ishtirokchilarining roʻyxatga olish varaqlari; kreditorlar yigʻilishi ishtirokchilariga tanishib chiqish va (yoki) tasdiqlash uchun taqdim etilgan materiallar; kreditorlar yigʻilishi oʻtkaziladigan sana, vaqt va joy haqida kreditorlar hamda tegishli vakolatli organlar tegishli tarzda xabardor etilganligining dalillari; ovoz berish byulletenlari; sud boshqaruvchisining ixtiyoriga koʻra yoki kreditorlar yigʻilishi qaroriga binoan boshqa hujjatlar. Kreditorlar yigʻilishining bayonnomasi hamda unga ilova qilingan hujjatlar kreditorlar yigʻilishi oʻtkazilgan sanadan eʼtiboran ikki kundan kechiktirmay sudga topshirilishi lozim.