Toʻlovga qobiliyatsizlik toʻgʻrisida 162-modda. Toʻlovga qobiliyatsizlik tartib-taomillari chogʻida kelishuv bitimini tuzishning oʻziga xos xususiyatlari

Qarzdor tomonidan kelishuv bitimini tuzish toʻgʻrisidagi qaror kuzatuv va sud sanatsiyasi tartib-taomillari chogʻida qarzdorning rahbari, mazkur rahbar oʻz majburiyatlarini bajarishdan chetlashtirilgan taqdirda esa sud boshqaruvchisi tomonidan qabul qilinadi. Agar kelishuv bitimi qarzdor uchun qonunchilikka yoki taʼsis hujjatlariga muvofiq qarzdorning boshqaruv organlari qaroriga (maʼqullashiga) koʻra tuziladigan bitim boʻlsa, qarzdor nomidan kelishuv bitimini tuzish haqidagi qaror tegishli qarordan (maʼqullashdan) keyin qabul qilinishi mumkin. Tashqi boshqaruv va tugatishga doir ish yuritish tartib-taomillarida kelishuv bitimini tuzish chogʻida bunday qaror (maʼqullash) talab etilmaydi. Qarzdorga, sud boshqaruvchisiga yoki kreditorga nisbatan manfaatdor boʻlgan uchinchi shaxslar ishtirokida kelishuv bitimi tuzilayotganda kelishuv bitimida uning tuzilishidan manfaatdorlik mavjud boʻlgan bitim ekanligi haqidagi, bunday manfaatdorlikning xususiyati koʻrsatilgan axborot boʻlishi kerak. Kelishuv bitimi kreditorlarning bajarilish muddati toʻlovga qobiliyatsizlikning tegishli tartib-taomili joriy etilgan sanada boshlangan talablariga nisbatan tatbiq etiladi, bundan toʻlovga qobiliyatsizlik toʻgʻrisidagi ish qoʻzgʻatilganidan keyin yuzaga kelgan majburiyatlar mustasno.