Kelishuv bitimi faqat xarajatlarning oʻrni qoplanganidan va ushbu Qonun 150-moddasining birinchi qismida nazarda tutilgan talablar hamda ish haqini toʻlash uchun pul mablagʻlari berilishini nazarda tutuvchi toʻlov hujjatlariga doir talablar qanoatlantirilganidan keyin sud tomonidan tasdiqlanishi mumkin. Qarzdor, tashqi boshqaruvchi yoki tugatish boshqaruvchisi kelishuv bitimi imzolangan paytdan eʼtiboran besh kun ichida sudga kelishuv bitimini tasdiqlash toʻgʻrisidagi arizani taqdim etishi kerak. Kelishuv bitimini tasdiqlash haqidagi arizaga quyidagilar ilova qilinishi kerak: kelishuv bitimining matni; kelishuv bitimi tuzish toʻgʻrisida qaror qabul qilgan kreditorlar yigʻilishining bayonnomasi; qarzdor kreditorlarining talablari reyestri; ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatilgan xarajatlar qoplanganligini va talablar qanoatlantirilganligini tasdiqlovchi hujjatlar; kelishuv bitimi tuzish haqidagi masala boʻyicha ovoz berishda ishtirok etmagan yoki kelishuv bitimini tuzishga qarshi ovoz bergan kreditorlarning yozma eʼtirozlari. Kelishuv bitimini tasdiqlash toʻgʻrisidagi arizaga qonunchilikka muvofiq boshqa hujjatlar ham ilova qilinishi mumkin. Sud kelishuv bitimi koʻrib chiqiladigan sana haqida manfaatdor taraflarni xabardor qiladi. Xabardor qilingan shaxslarning kelmaganligi toʻlovga qobiliyatsizlik toʻgʻrisidagi ishni koʻrib chiqishga toʻsqinlik qilmaydi.