Toʻlovga qobiliyatsizlik toʻgʻrisida 172-modda. Shaharni tashkil etuvchi hamda unga tenglashtirilgan korxona toʻlovga qobiliyatsizligining oʻziga xos xususiyatlari

Shaharni tashkil etuvchi hamda unga tenglashtirilgan korxonaning toʻlovga qobiliyatsizligi toʻgʻrisidagi ish ushbu Qonunning 5-moddasida nazarda tutilgan toʻlovga qobiliyatsizlik alomatlari mavjud boʻlgan taqdirda sud tomonidan qoʻzgʻatilishi mumkin. Shaharni tashkil etuvchi hamda unga tenglashtirilgan korxonaning toʻlovga qobiliyatsizligi toʻgʻrisidagi ish koʻrilayotganda tegishli mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organi va (yoki) tegishli vazirlik, idora, xoʻjalik boshqaruvi organi ishda ishtirok etuvchi shaxs sifatida eʼtirof etiladi. Korxonalarni shaharni tashkil etuvchi hamda ularga tenglashtirilgan korxonalar jumlasiga kiritish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.