Toʻlovga qobiliyatsizlik toʻgʻrisida 179-modda. Qishloq xoʻjaligi korxonalarining mol-mulkini va mulkiy huquqlarini sotishning (ulardan boshqa shaxs foydasiga voz kechishning) oʻziga xos xususiyatlari

Qarzdorning mol-mulkini sotishda (undan boshqa shaxs foydasiga voz kechishda) sud boshqaruvchisi yoki qarzdorning rahbari qishloq xoʻjaligi korxonasini elektron onlayn-auksion shaklidagi dastlabki kimoshdi savdosida mulkiy majmua sifatida sotishga qoʻyishi kerak. Qarzdorning mol-mulkini sotib olishda imtiyozli huquqqa, shuningdek yerga egalik qilish huquqiga qishloq xoʻjaligi mahsuloti yetishtirish bilan shugʻullanayotgan va qarzdorning yer uchastkasiga bevosita tutash yer uchastkasiga egalik qiluvchi shaxslar ega boʻladi. Sud boshqaruvchisi yoki qarzdorning rahbari mazkur mol-mulkni, shuningdek mulkiy huquqlarni sotishda (ulardan boshqa shaxs foydasiga voz kechishda) mazkur mol-mulk va mulkiy huquqlar qiymatini baholashdan oʻtkazishni tashkil etishi hamda shaxslarga ushbu mol-mulkni baholangan qiymati boʻyicha olishni taklif etishi shart. Agar ushbu moddaning ikkinchi qismida koʻrsatilgan shaxslar bir oy ichida qishloq xoʻjaligi korxonasining mol-mulkini va mulkiy huquqlarini sotib olish istagini bildirmagan boʻlsa, sud boshqaruvchisi yoki qarzdorning rahbari mol-mulk qonunchilikka muvofiq realizatsiya qilinishini amalga oshiradi. Qishloq xoʻjaligi korxonasi toʻlovga qobiliyatsizlik oqibatida tugatilgan taqdirda mazkur korxonaga berilgan yer uchastkalaridan foydalanish huquqi qonunchilikda belgilangan tartibda boshqa shaxsga berilishi yoki oʻzga shaxsga oʻtishi mumkin.