Toʻlovga qobiliyatsizlik toʻgʻrisida 200-modda. Jismoniy shaxsni toʻlovga qobiliyatsiz deb topish toʻgʻrisidagi ishni qoʻzgʻatish va koʻrib chiqishning oʻziga xos xususiyatlari

Qarzdor jismoniy shaxsni toʻlovga qobiliyatsiz deb topish toʻgʻrisidagi ariza kelib tushgan kundan eʼtiboran besh kundan kechiktirmay sudya arizani qabul qilish va toʻlovga qobiliyatsizlik toʻgʻrisidagi ishni qoʻzgʻatish yoxud arizani qabul qilishni rad etish yoki qaytarish haqidagi ajrimni chiqaradi. Jismoniy shaxsning toʻlovga qobiliyatsizligi toʻgʻrisidagi ishni qoʻzgʻatish haqidagi ajrimda sud qarzdor jismoniy shaxsning zimmasiga sudning ajrimi olingan kundan eʼtiboran oʻn besh kunlik muddat ichida sudga ushbu Qonunning 198-moddasida nazarda tutilgan hujjatlar ilova qilingan holdagi yozma fikrini taqdim etish majburiyatini yuklaydi. Agar jismoniy shaxsning toʻlovga qobiliyatsizligi toʻgʻrisidagi ariza qarzdor jismoniy shaxs tomonidan berilgan boʻlsa, bu qoida qoʻllanilmaydi. Sud jismoniy shaxsni toʻlovga qobiliyatsiz deb topish toʻgʻrisidagi ishni koʻrib chiqish natijalariga koʻra quyidagi sud hujjatlaridan birini qabul qiladi: jismoniy shaxsning qarzini tarkibiy jihatdan oʻzgartirish tartib-taomilini joriy etish haqidagi ajrimni; jismoniy shaxsni bankrot deb topish va jismoniy shaxsning mol-mulkini sotish tartib-taomilini boshlash toʻgʻrisidagi qarorni; arizani qanoatlantirishni rad etish haqidagi qarorni. Agar boshqacha holat isbotlanmagan boʻlsa, quyidagi holatlardan loaqal bittasi mavjud boʻlgan taqdirda, jismoniy shaxs toʻlovga qobiliyatsiz deb hisoblanadi: pul majburiyatlari va (yoki) soliqlar hamda yigʻimlarni toʻlash boʻyicha majburiyatlar umumiy summasining oʻn foizidan koʻprogʻi bunday majburiyatlar bajarilishi kerak boʻlgan kundan eʼtiboran bir oydan ortiq vaqt davomida bajarilmaganda; jismoniy shaxs qarzining miqdori uning mol-mulki qiymatidan ortiq boʻlganda; ijroga doir ish yuritishni jismoniy shaxsda mol-mulk mavjud emasligi munosabati bilan tugatish toʻgʻrisida qaror mavjud boʻlganda. Jismoniy shaxsga nisbatan meros ochilganligi haqida maʼlumotlar mavjud boʻlgan taqdirda, sud jismoniy shaxsning toʻlovga qobiliyatsizligi toʻgʻrisidagi ish yuritish