Jismoniy shaxsning qarzini tarkibiy jihatdan oʻzgartirish rejasida jismoniy shaxs kreditorlarining talablari, shuningdek talablarni qanoatlantirish tartibi va muddatlari koʻrsatilishi kerak. Kreditorlarni va tegishli vakolatli organni jismoniy shaxsning mulkiy holatida jiddiy oʻzgarishlar mavjudligi toʻgʻrisida xabardor qilish tartibi uning qarzini tarkibiy jihatdan oʻzgartirish rejasida belgilanadi. Jismoniy shaxsning qarzini tarkibiy jihatdan oʻzgartirish rejasini amalga oshirish muddati uch yildan oshishi mumkin emas. Jismoniy shaxsning qarzini tarkibiy jihatdan oʻzgartirish rejasida jismoniy shaxsning garov bilan taʼminlangan majburiyatlari boʻyicha talablarni garov bilan taʼminlangan mol-mulkni sotishdan tushgan mablagʻlar hisobidan toʻliq hajmda qanoatlantirish nazarda tutilishi kerak. Qarzdor jismoniy shaxsning fuqarolar hayotiga yoki sogʻligʻiga yetkazilgan zararning oʻrnini qoplash, shuningdek alimentlar undirish, mehnatga oid va ularga tenglashtirilgan huquqiy munosabatlardan, intellektual faoliyat natijalariga koʻra muallifga haq toʻlashga doir talablardan kelib chiquvchi toʻlovlar boʻyicha talablari jismoniy shaxsning qarzini tarkibiy jihatdan oʻzgartirish rejasiga kiritiladi. Kreditorlarning va tegishli vakolatli organning jismoniy shaxsning qarzini tarkibiy jihatdan oʻzgartirish rejasiga kiritilgan talablarini mutanosib ravishda qanoatlantirish belgilanadi. Kreditorning va (yoki) tegishli vakolatli organning alohida roziligi bilan jismoniy shaxsning qarzini tarkibiy jihatdan oʻzgartirish rejasida bunday rozilikni bergan shaxsning talablarini toʻliq boʻlmagan hajmda qanoatlantirilishi koʻrsatilishi mumkin. Ushbu Qonunda nazarda tutilgan hollarda jismoniy shaxsning qarzini tarkibiy jihatdan oʻzgartirish rejasida garov narsasi boʻlgan mol-mulkni sotish tartibi va muddatlari toʻgʻrisidagi qoidalar boʻlishi mumkin.