Qarzdor yuridik shaxsga nisbatan manfaatdor shaxslar quyidagilardan iborat: qonunchilikka muvofiq qarzdorga nisbatan bosh yoki tobe boʻlgan yuridik shaxs; qarzdorning rahbari, shuningdek kuzatuv kengashi, kollegial ijroiya organi tarkibiga kiruvchi shaxslar, bosh buxgalter (buxgalter), shu jumladan ular bilan tuzilgan mehnat shartnomasi toʻlovga qobiliyatsizlik toʻgʻrisidagi ish qoʻzgʻatilmasidan oldingi bir yil davomida bekor qilingan hollarda ham; yuridik shaxsning muassislari (ishtirokchilari) yoki qarzdorning mol-mulki egasi. Ushbu Qonunda jismoniy shaxsga, shuningdek qarzdor yakka tartibdagi tadbirkorga nisbatan manfaatdor shaxs deganda uning xotini (eri), nasl-nasab shajarasi boʻyicha toʻgʻri tutashgan oʻzidan oldingi va keyingi qarindoshlari, opa-singillari, aka-ukalari hamda ularning nasl-nasab shajarasi boʻyicha oʻzidan keyingi qarindoshlari, xotinining (erining) ota-onasi, opa-singillari va aka-ukalari tushuniladi. Sud boshqaruvchilariga, kreditorlarga nisbatan manfaatdor shaxslar ushbu moddaning birinchi va ikkinchi qismlariga muvofiq aniqlanadi.