Qarzdor yakka tartibdagi tadbirkorning undiruvni qaratish mumkin boʻlmagan mol-mulklari tugatish massasiga kiritilmaydi. Sud qarzdor yakka tartibdagi tadbirkorning hamda toʻlovga qobiliyatsizlik toʻgʻrisidagi ishda ishtirok etayotgan boshqa shaxslarning asoslantirilgan iltimosnomasiga koʻra qarzdor yakka tartibdagi tadbirkorning undiruvni qaratish mumkin boʻlmagan nolikvid boʻlgan mol-mulkini yoxud realizatsiya qilinishidan olingan daromad kreditorlarning talablarini qanoatlantirishga jiddiy taʼsir etmaydigan mol-mulkini tugatish massasidan chiqarishga haqli. Qarzdor yakka tartibdagi tadbirkorning ushbu modda ikkinchi qismining qoidalariga muvofiq tugatish massasidan chiqariladigan mol-mulkining umumiy qiymati bazaviy hisoblash miqdorining ellik baravaridan ortiq boʻlmasligi kerak. Bunday mol-mulkning roʻyxati sud tomonidan tasdiqlanib, bu haqda ajrim chiqariladi, ajrim ustidan shikoyat berilishi (protest keltirilishi) mumkin.