Toʻlovga qobiliyatsizlik toʻgʻrisida 232-modda. Sud tomonidan qarzdor yakka tartibdagi tadbirkorning toʻlovga qobiliyatsizligi toʻgʻrisidagi ishni koʻrib chiqish

Sud qarzdor yakka tartibdagi tadbirkorni toʻlovga qobiliyatsiz deb topish toʻgʻrisidagi arizani qabul qilish bilan bir vaqtda uning mol-mulkini xatlaydi, bundan qonunchilikka muvofiq undiruvni qaratish mumkin boʻlmagan mol-mulk mustasno. Qarzdor yakka tartibdagi tadbirkorning pul majburiyatlari bajarilishining asoslangan kafilligi yoki kafolatlangan boshqa taʼminoti uchinchi shaxslar tomonidan taqdim etilgan taqdirda, sud mazkur qarzdorning iltimosnomasiga koʻra uning mol-mulkini (mol-mulkining bir qismini) xatlovdan chiqarishi mumkin. Sud qarzdor yakka tartibdagi tadbirkor kreditorlar bilan hisob-kitob qilishi yoki kelishuv bitimiga erishilishi uchun toʻlovga qobiliyatsizlik toʻgʻrisidagi ishni koʻrib chiqishni qarzdor yakka tartibdagi tadbirkorning arizasiga koʻra koʻpi bilan bir oyga kechiktirishi mumkin. Yakka tartibdagi tadbirkor boʻlgan fuqaroga nisbatan meros ochilganligi toʻgʻrisida maʼlumotlar mavjud boʻlgan taqdirda, sud yakka tartibdagi tadbirkorning toʻlovga qobiliyatsizligi toʻgʻrisidagi ishni yuritishni meros taqdiri haqidagi masala hal etilguniga qadar toʻxtatib turishga haqli. Agar qarzdor yakka tartibdagi tadbirkor ushbu moddaning ikkinchi qismida belgilangan muddatda kreditorlarning talablari qanoatlantirilganligi dalillarini taqdim etmagan va belgilangan muddatda kelishuv bitimi tuzilmagan boʻlsa, sud qarzdor yakka tartibdagi tadbirkorni bankrot deb topish va tugatishga doir ish yuritishni boshlash haqida qaror qabul qiladi.