Sudgacha sanatsiya qilishning asosiy chora-tadbirlari quyidagilardan iborat: toʻlov muddati oʻtkazib yuborilgan qarzlarni toʻliq yoki qisman sotib olish; ishlab chiqarishni raqobatbardosh mahsulot chiqarishga moslab qayta ixtisoslashtirish; chetdan yuqori malakali mutaxassislarni jalb etish; xodimlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish; qarzdorning toʻlov qobiliyati tiklanishi hamda faoliyatini davom ettirishidan manfaatdor boʻlgan yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan moliyaviy yordam koʻrsatish; qarzdorning faoliyatni davom ettirishi uchun kreditorlarga toʻlanadigan toʻlovlar muddatini kechiktirish va (yoki) uni boʻlib-boʻlib toʻlash yoxud qarzlardan chegirma berish toʻgʻrisida qarzdor va kreditorlar oʻrtasida kelishuvga erishishga qaratilgan bitim; soliqlar hamda yigʻimlarni toʻlashni va kreditlarni qaytarishni sudgacha sanatsiya qilish muddatiga kechiktirish; qarzdor yuridik shaxsni qayta tashkil etish. Sudgacha sanatsiya qilish tartib-taomilida boshqa chora-tadbirlar ham boʻlishi mumkin. Sudgacha sanatsiya qilishni davlat tomonidan yordam koʻrsatgan holda oʻtkazish Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan vakolat berilgan organning qarori asosida amalga oshiriladi. Sudgacha sanatsiya qilishni davlat tomonidan yordam koʻrsatgan holda oʻtkazish tartibi qonunchilikda tartibga solinadi. Sudgacha sanatsiya qilish qarzdorga davlat tomonidan yordam koʻrsatgan holda oʻtkazilayotganda qarzdorga uning xizmat koʻrsatib kelayotgan bankdagi ishlab turgan hisobvaraqlari toʻxtatib qoʻyilib, soʻmlardagi va (yoki) valyutadagi sanatsiya hisobvaragʻi ochiladi. Sanatsiya hisobvaragʻidan foydalanish tartibi qonunchilikda belgilanadi.