Qarzdorning oʻziga nisbatan toʻlovga qobiliyatsizlik toʻgʻrisida ish qoʻzgʻatish haqidagi arizasi sudga yozma yoki elektron shaklda beriladi va tegishincha qarzdor yuridik shaxsning rahbari, qarzdor yakka tartibdagi tadbirkor, qarzdor jismoniy shaxs yoki ularning vakillari tomonidan imzolanadi. Qarzdorning oʻziga nisbatan toʻlovga qobiliyatsizlik toʻgʻrisida ish qoʻzgʻatish haqidagi arizasida quyidagilar koʻrsatilishi kerak: ariza berilgan sudning nomi; arizachining nomi (familiyasi, ismi, otasining ismi) va uning joylashgan yeri (pochta manzili), elektron pochta manzili (mavjud boʻlgan taqdirda); pul majburiyatlari boʻyicha kreditorlar talablari summasining qarzdor tomonidan tan olingan miqdori; qarzdorning xodimlar hayotiga yoki sogʻligʻiga yetkazilgan zararning oʻrnini qoplash, ularga mehnat haqini va toʻlanishi lozim boʻlgan ishdan boʻshatish nafaqasini toʻlash borasidagi qarzdorligi summasi; mualliflik shartnomalari boʻyicha toʻlanishi kerak boʻlgan haq summasi; soliqlar hamda yigʻimlar boʻyicha qarz miqdori; kreditorlarning talablarini toʻla hajmda qanoatlantirishga qodir emaslikning asosi; qarzdorga nisbatan daʼvo arizalari sudlar tomonidan ish yuritishga qabul qilinganligi toʻgʻrisidagi, shuningdek soʻzsiz (akseptsiz) hisobdan chiqarish uchun taqdim etilgan ijro hujjatlari haqidagi maʼlumotlar; qarzdordagi mavjud mol-mulk, shu jumladan pul mablagʻlari, debitorlik qarzi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar; qarzdorning bank hisobvaraqlari raqamlari, bankning pochta manzili; ilova qilinayotgan hujjatlar roʻyxati. Qarzdor yakka tartibdagi tadbirkorning oʻzini toʻlovga qobiliyatsiz deb topish haqidagi arizasida qarzdorning tadbirkorlik faoliyati bilan bogʻliq boʻlmagan majburiyatlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar ham koʻrsatiladi. Kreditorlarga hamda toʻlovga qobiliyatsizlik toʻgʻrisidagi ishda ishtirok etuvchi boshqa shaxslarga qarzdor oʻz arizasidan koʻchirma nusxa yuborishi shart. Agar qarzdor ariza berguniga qadar qarzdor muassislarining (ishtirokchilarining) yoki qarzdor