Toʻlovga qobiliyatsizlik toʻgʻrisida 41-modda. Kreditorning arizasi

Kreditorning qarzdorga nisbatan toʻlovga qobiliyatsizlik toʻgʻrisida ish qoʻzgʻatish haqidagi arizasi sudga yozma yoki elektron shaklda beriladi. Kreditor yuridik shaxsning arizasi uning rahbari yoki vakili tomonidan, kreditor jismoniy shaxs yoki yakka tartibdagi tadbirkorning arizasi esa shu jismoniy shaxsning oʻzi yoki uning vakili tomonidan imzolanadi. Kreditorning qarzdorga nisbatan toʻlovga qobiliyatsizlik toʻgʻrisida ish qoʻzgʻatish haqidagi arizasida quyidagilar koʻrsatilishi kerak: ariza berilayotgan sudning nomi; arizachining nomi (familiyasi, ismi, otasining ismi) va uning joylashgan yeri (pochta manzili), elektron pochta manzili (mavjud boʻlgan taqdirda); qarzdorning nomi (familiyasi, ismi, otasining ismi) va uning joylashgan yeri (pochta manzili), elektron pochta manzili (mavjud boʻlgan taqdirda); qarzdorning kreditor oldidagi talab kelib chiqishiga sabab boʻlgan pul majburiyati miqdori, shuningdek uni bajarish muddati; kreditor talablarining asosliligini tasdiqlovchi dalillar, shu jumladan sudning qonuniy kuchga kirgan qarori, mazkur talablar qarzdor tomonidan tan olinganligini tasdiqlovchi dalillar, notariusning ijro xati; ilova qilinayotgan hujjatlar roʻyxati. Kreditor qarzdorga oʻz arizasidan koʻchirma nusxa yuborishi shart.