Toʻlovga qobiliyatsizlik alomatlari quyidagilardan iborat: vaqtincha toʻlovga qobiliyatsizlik — agar tegishli majburiyatlar yuzaga kelgan sanadan eʼtiboran uch oy ichida qarzdor tomonidan bajarilmagan boʻlsa, shaharni tashkil etuvchi korxona hamda unga tenglashtirilgan korxonalar tomonidan esa olti oy ichida bajarilmasa, sudga murojaat etish sanasida qarzdorning pul majburiyatlari boʻyicha kreditorlar talablarini qanoatlantirishga va (yoki) soliqlar hamda yigʻimlar boʻyicha oʻz majburiyatlarini bajarishga qodir emasligi; doimiy toʻlovga qobiliyatsizlik — agar sudga ariza berish sanasidagi va ariza berilgan yilning boshidagi hisobot davrida, agarda ariza yilning birinchi choragida berilgan boʻlsa, oʻtgan yilning boshidagi hisobot davrida qarzdorning majburiyatlari uning aktivlari qiymatidan oshib ketgan boʻlsa. Ushbu moddada nazarda tutilgan qoidalar toʻlovga qobiliyatsizlik toʻgʻrisidagi ishlar soddalashtirilgan tartibda koʻrib chiqilayotganda, jismoniy shaxslar, shuningdek yakka tartibdagi tadbirkorning toʻlovga qobiliyatsizligi toʻgʻrisidagi ishlar koʻrib chiqilayotganda qoʻllanilmaydi.