Toʻlovga qobiliyatsizlik toʻgʻrisida 58-modda. Toʻlovga qobiliyatsizlik toʻgʻrisidagi ishni yuritishni toʻxtatib turish

Toʻlovga qobiliyatsizlik toʻgʻrisidagi ishni yuritish Oʻzbekiston Respublikasining Iqtisodiy protsessual kodeksida nazarda tutilgan asoslar boʻyicha toʻxtatib turilishi mumkin. Toʻlovga qobiliyatsizlik toʻgʻrisidagi ishni yuritishni toʻxtatib turish sud boshqaruvchisining harakatlari (harakatsizligi) ustidan berilgan ariza va shikoyatlarni, shuningdek kreditorlarning talablari miqdori, tarkibi va ularni qanoatlantirish navbatiga doir kelishmovchiliklarni sud tomonidan koʻrib chiqishga monelik qilmaydi. Toʻlovga qobiliyatsizlik toʻgʻrisidagi ishni yuritish toʻxtatib turilgan taqdirda sud ushbu Qonunning 51-moddasi birinchi qismida nazarda tutilgan sud hujjatlarini qabul qilishga haqli emas. Toʻlovga qobiliyatsizlik toʻgʻrisidagi ishni yuritishni toʻxtatib turish sudning ushbu Qonunda nazarda tutilgan ajrimlarni chiqarishi uchun, shuningdek sud boshqaruvchisi va toʻlovga qobiliyatsizlik toʻgʻrisidagi ishda ishtirok etuvchi boshqa shaxslar ushbu Qonunda nazarda tutilgan harakatlarni amalga oshirishi uchun monelik qilmaydi. Korxonaning rahbariga yoki muassislariga (ishtirokchilariga) yoxud mulkdoriga yoki yakka tartibdagi tadbirkorga va (yoki) jismoniy shaxsga nisbatan toʻlovga qobiliyatsizlikka olib kelgan harakatlari (harakatsizligi) uchun jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan taqdirda, toʻlovga qobiliyatsizlik toʻgʻrisidagi ishni yuritish qoʻzgʻatilgan jinoyat ishi yuzasidan sud qarori qabul qilinguniga qadar toʻxtatib turiladi.