Toʻlovga qobiliyatsizlik toʻgʻrisidagi ishda arizalar, shikoyatlar (iltimosnomalar) va kelishmovchiliklarni koʻrib chiqish natijalariga koʻra chiqarilgan sud ajrimi Oʻzbekiston Respublikasining Iqtisodiy protsessual kodeksida belgilangan tartibda, ushbu moddada nazarda tutilgan oʻziga xos xususiyatlar inobatga olingan holda qayta koʻrilishi lozim. Toʻlovga qobiliyatsizlik toʻgʻrisidagi ishdagi kelishmovchiliklarni koʻrib chiqish natijalariga koʻra chiqarilgan sud ajrimi chiqarilgan paytdan eʼtiboran oʻn kun oʻtgach qonuniy kuchga kiradi. Toʻlovga qobiliyatsizlik toʻgʻrisidagi ishdagi kelishmovchiliklarni koʻrib chiqishda ishtirok etgan shaxslar apellyatsiya shikoyati berish huquqiga ega. Sudning ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatilgan kelishmovchiliklarni koʻrib chiqish natijalari toʻgʻrisidagi ajrimiga apellyatsiya shikoyati sud tomonidan ajrim chiqarilgan paytdan eʼtiboran oʻn kun ichida beriladi va u sudga kelib tushgan paytdan eʼtiboran oʻn kun ichida koʻrib chiqilishi lozim. Sudning ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatilgan, apellyatsiya tartibida koʻrilmagan ajrimi ustidan kassatsiya shikoyati ajrim qonuniy kuchga kirgan kundan eʼtiboran bir oy ichida beriladi va u sudga kelib tushgan paytdan eʼtiboran oʻn kun ichida koʻrib chiqilishi lozim.