Qarzdor pul majburiyatlarini bajarmaganligi munosabati bilan unga nisbatan toʻlovga qobiliyatsizlik toʻgʻrisida ish qoʻzgʻatish haqidagi ariza bilan sudga murojaat etish huquqiga qarzdorning oʻzi va kreditor ega. Qarzdor va kreditor toʻlovga qobiliyatsizlik toʻgʻrisida ish qoʻzgʻatish haqidagi arizada qarzdorning toʻlov qobiliyatini tiklashga yoxud tugatishga doir ish yuritish tartib-taomillarini qoʻllash zarurligini koʻrsatishi mumkin. Qarzdor soliqlar va yigʻimlar boʻyicha majburiyatlarini bajarmaganligi munosabati bilan unga nisbatan toʻlovga qobiliyatsizlik toʻgʻrisida ish qoʻzgʻatish haqidagi ariza bilan sudga murojaat etish huquqiga qarzdorning oʻzi, davlat soliq xizmati organlari, shuningdek ustav fondida (ustav kapitalida) davlat ulushi boʻlgan va (yoki) pul majburiyatlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi oldida qarzi boʻlgan yuridik shaxslarga nisbatan toʻlovga qobiliyatsizlik toʻgʻrisidagi ishlar boʻyicha vakolatli davlat organi va uning hududiy boshqarmalari (bundan buyon matnda vakolatli davlat organi deb yuritiladi) ega boʻladi.