Toʻlovga qobiliyatsizlik toʻgʻrisida 83-modda. Muvaqqat boshqaruvchining huquqlari

Muvaqqat boshqaruvchi quyidagilarga haqli: bitimlarni haqiqiy emas deb topish toʻgʻrisida, shuningdek qarzdor tomonidan qonunchilikda belgilangan talablar buzilgan holda tuzilgan yoki ijro etilgan oʻz-oʻzidan haqiqiy boʻlmagan bitimlarning haqiqiy emasligi oqibatlarining qoʻllanilishi haqida sudga oʻz nomidan talablar qoʻyishga; ushbu Qonunning 79-moddasida nazarda tutilgan hollarda kuzatuv tartib-taomili davrida kreditorlarning talablarini bajarishga eʼtirozlar bildirishga; kreditorlarning talablari boʻyicha qarzdorning taqdim etilgan eʼtirozlari asosliligini sudya tomonidan tekshirishda ishtirok etishga; qarzdorning mol-mulki but saqlanishini taʼminlash yuzasidan qoʻshimcha choralar koʻrish haqidagi, shu jumladan ushbu Qonunning 81-moddasida nazarda tutilmagan bitimlarni muvaqqat boshqaruvchining roziligisiz tuzishni taqiqlash toʻgʻrisidagi, mol-mulkni saqlash uchun uchinchi shaxslarga berish haqidagi, shuningdek bunday choralarni bekor qilish toʻgʻrisidagi iltimosnoma bilan sudga murojaat etishga; qarzdorning rahbarini vazifalarini bajarishdan chetlashtirish toʻgʻrisida sudga iltimosnoma bilan murojaat etishga; qarzdorning faoliyatiga taalluqli har qanday axborot va hujjatlarni olishga. Muvaqqat boshqaruvchi qonunchilikka muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin. Qarzdorning boshqaruv organlari muvaqqat boshqaruvchining talabiga binoan unga qarzdorning faoliyatiga taalluqli har qanday axborotni taqdim etishi shart.