Sanatsiya qiluvchi boshqaruvchilikka nomzod kreditorlarning yigʻilishi yoki majburiyatlarni bajarish taʼminotini bergan shaxslar tomonidan sudga taqdim etiladi. Sanatsiya qiluvchi boshqaruvchi sud sanatsiyasi tartib-taomili joriy etilgan paytdan eʼtiboran va sud sanatsiyasi tartib-taomili tugaguniga yoki muddatidan ilgari tugatilguniga qadar faoliyat yuritadi. Sanatsiya qiluvchi boshqaruvchi oʻz arizasiga koʻra yoki kreditorlar yigʻilishining yoxud majburiyatlarni bajarish taʼminotini bergan shaxslarning iltimosnomasiga binoan, shuningdek ushbu Qonunda nazarda tutilgan boshqa hollarda sud tomonidan ozod qilinishi mumkin. Sudning sanatsiya qiluvchi boshqaruvchini oʻz vazifasidan ayni bir paytda yangi sanatsiya qiluvchi boshqaruvchini tayinlagan holda ozod qilish toʻgʻrisidagi ajrimi ustidan shikoyat berilishi (protest keltirilishi) mumkin. Mazkur ajrim ustidan shikoyat berilishi (protest keltirilishi) uning ijrosini toʻxtatib qoʻymaydi. Sud sanatsiyasi tartib-taomili paytida qarzdorning toʻlov qobiliyati tiklanishi munosabati bilan toʻlovga qobiliyatsizlik toʻgʻrisidagi ish yuritishning tugatilishi sanatsiya qiluvchi boshqaruvchining huquq va majburiyatlari tugashiga sabab boʻladi. Agar tashqi boshqaruv tartib-taomilini joriy etish haqida sud tomonidan ajrim chiqarilgan yoki qarzdorni bankrot deb topish va tugatishga doir ish yuritishni boshlash toʻgʻrisida qaror qabul qilingan boʻlsa, shuningdek boshqa shaxs tashqi boshqaruvchi yoki tugatuvchi boshqaruvchi etib tayinlangan boʻlsa, sanatsiya qiluvchi boshqaruvchi ishlar tashqi boshqaruvchiga yoki tugatuvchi boshqaruvchiga oʻtkaziladigan paytga qadar oʻz vazifalarini bajarishni davom ettirib turadi.