Chaqiriluvchilar bilan olib boriladigan harbiy xizmatga tayyorgarlik ishlari quyidagilarni qamrab oladi: chaqiruvga qadar boshlangʻich tayyorgarlik; chaqiriluvchilarning harbiy-texnika mutaxassisliklari boʻyicha tayyorgarligi; oliy harbiy taʼlim muassasalariga oʻqishga kirishga tayyorgarlik; jismoniy tayyorgarlik, davolash-sogʻlomlashtirish ishlari; umumtaʼlim tayyorgarligi; vatanparvarlik ruhida tarbiyalash. Chaqiriluvchilarni harbiy xizmatga tayyorlash Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining umumiy rahbarligi ostida oʻtkaziladi. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar, tumanlar, shaharlar hokimliklari chaqiriluvchilarni harbiy xizmatga tayyorlash ishlari moliyalashtirilishi hamda moddiy-texnika jihatidan taʼminlanishini amalga oshiradilar, oʻquv-moddiy bazasini barpo etadilar, bunday tayyorgarlikning tashkil etilishi uchun javobgar boʻladilar. Chaqiriluvchilarni harbiy xizmatga tayyorlashning tashkil etilishini, amalga oshirilishini va natijalarini nazorat qilib borish, chaqiruvga qadar boshlangʻich tayyorgarlikni uslubiy jihatdan taʼminlash Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi, shuningdek taʼlim muassasalari boʻlgan vazirliklar va idoralar tomonidan amalga oshiriladi.