Umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat toʻgʻrisida 25-modda. Harbiy xizmatga chaqirilish yoki kirish munosabati bilan beriladigan kafolatlar

Harbiy xizmatga chaqirilgan yoki kirgan fuqarolarga ishdan boʻshatish nafaqasi qonunchilikka muvofiq ish joyida toʻlanadi. Fuqarolar harbiy roʻyxatdan oʻtish, harbiy xizmatga chaqirilishi yoki kirish bilan bogʻliq vazifalarni bajarish uchun zarur vaqt davomida ishdan (oʻqishdan) ozod etiladi, ularning ish (oʻqish) joyidagi oʻrtacha ish haqi (stipendiyasi) saqlanib qoladi. Harbiy taʼlim muassasalariga oʻqishga kirayotgan fuqarolar kirish imtihonlarini topshirish uchun zarur vaqt davomida ishdan ozod etiladi, ish joyidagi lavozimi va oʻrtacha ish haqi saqlanib qoladi. Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi organlari tomonidan dispanser yoki statsionar tekshiruviga yuborilgan fuqarolarning tibbiy muassasada boʻlgan butun davri mobaynida ish joyi, egallagan lavozimi, oʻrtacha ish haqi saqlanib qoladi hamda tekshiruv joyiga borish va u yerdan qaytib kelishga ketgan xarajatlari ish (oʻqish) joyida qoplanadi. Statsionar davolanishga yuborilganda ularga vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik nafaqasi ish joyida qonunchilikda belgilangan tartibda toʻlanadi. Muddatli harbiy xizmatga chaqirilgan, shuningdek kontrakt boʻyicha harbiy xizmatga kirgan fuqarolarga qonunchilikka muvofiq boshqa imtiyozlar va kafolatlar ham belgilanishi mumkin.

IV. HARBIY XIZMATNI OʻTASH