Harbiy xizmatga majburlar va chaqiriluvchilarning harbiy roʻyxati ularning turar joylari boʻyicha olib boriladi hamda umumiy va maxsus roʻyxatga boʻlinadi. Umumiy harbiy roʻyxatda chaqiriluvchilar, shuningdek safarbarlik davri va urush davri uchun davlat boshqaruvi organlari, korxonalar, muassasalar va tashkilotlarga bronlashtirib qoʻyilmagan harbiy xizmatga majburlar turadilar. Maxsus harbiy roʻyxatda safarbarlik davri va urush davri uchun davlat boshqaruvi organlari, korxonalar, muassasalar va tashkilotlarga bronlashtirib qoʻyilgan harbiy xizmatga majburlar turadilar. Harbiy xizmatga majburlar va chaqiriluvchilarni shaxsiy roʻyxatga olish tuman (shahar) mudofaa ishlari organlari, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari tomonidan, shuningdek harbiy xizmatga majburlar va chaqiriluvchilar ishlaydigan yoki oʻqiydigan korxonalar, muassasalar va tashkilotlar, taʼlim muassasalari tomonidan amalga oshiriladi.