Umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat toʻgʻrisida 45-2-modda. Nomzodni rad etish uchun asoslar

Nomzodni rad etish uchun asoslar quyidagilardan iborat: a) Oʻzbekiston Respublikasi fuqaroligi boʻlmagan, shuningdek, boshqa davlatning fuqaroligi mavjud boʻlganda; b) kontrakt boʻyicha harbiy xizmatda boʻlish yoshi chegarasiga yetganida; v) agarda shaxs harbiy xizmatga majbur boʻlmasa; g) Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq kontrakt tuzish huquqi boʻlmasa; d) fuqaroga nisbatan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan, tergovga qadar tekshiruv oʻtkazilayotgan, dastlabki tergov yoki surishtiruv olib borilayotgan, jinoyat ishi sudda koʻrilayotgan boʻlsa (bu holatlarda fuqaro nomzodini qayta koʻrib chiqish tergovga qadar tekshiruv yoki jinoyat ishi boʻyicha yakuniy qaror qabul qilingandan soʻng amalga oshiriladi); e) qoʻllanilgan jazo turidan, sudlanganlik holati tugatilganligidan yoki olib tashlanganligidan va oʻziga nisbatan amnistiya akti yoki afv etish qoʻllanilganligidan qatʼi nazar sodir etgan jinoyati uchun ilgari hukm qilingan boʻlsa; j) agar fuqaro muqaddam kontrakt boʻyicha harbiy xizmatni oʻtagan va harbiy xizmatchining nomiga dogʻ tushiruvchi xatti-harakatni sodir etgani yoki xizmat vazifasiga noloyiq boʻlib qolganligi sababli boʻshatilgan boʻlsa; z) harbiy xizmatni oʻtash bilan bogʻliq boʻlgan cheklovlarga rioya etishni rad etganda yoki belgilangan maxsus talablarga javob bermasa; i) sogʻligʻining holatiga koʻra harbiy xizmatga yaroqsiz deb topilsa. Kontrakt boʻyicha harbiy xizmatga kirish istagini bildirgan fuqaro qonunchilik hujjatlarida va harbiy xizmat shartlarida nazarda tutilgan harbiy xizmatni oʻtash bilan bogʻliq boʻlgan cheklovlar va maxsus talablar bilan yozma shaklda tanishtiriladi, bunda ushbu cheklovlarga rioya etishga rozi boʻlmaganda fuqaroga harbiy xizmatga chaqirish (kirish) rad etilishi mumkin.