Umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat toʻgʻrisida 48-1-modda. Harbiy xizmatchilarni, oliy harbiy taʼlim muassasalari kursantlarini (tinglovchilarini), harbiy yigʻinlarga chaqirilgan harbiy xizmatga majburlarni va safarbarlik chaqiruvi rezervidagi xizmatni oʻtayotgan shaxslarni moddiy javobgarlikka tortish shartlari

Harbiy xizmatchilar, oliy harbiy taʼlim muassasalarining kursantlari (tinglovchilari), harbiy yigʻinlarga chaqirilgan harbiy xizmatga majburlar va safarbarlik chaqiruvi rezervidagi xizmatni oʻtayotgan shaxslar harbiy xizmat majburiyatlarini (xizmat majburiyatlarini) bajarish chogʻida harbiy mol-mulkka (Qurolli Kuchlar tasarrufidagi harbiy obyektlarga, binolar va inshootlarga, qurol-yarogʻ va oʻq-dorilar, jangovar va boshqa texnika, oʻzga moddiy-texnik vositalar va pul mablagʻlariga (qimmatliklarga) yetkazilgan toʻgʻridan-toʻgʻri haqiqiy zarar uchun moddiy javobgarlikka tortiladi. Harbiy xizmatchilar, oliy harbiy taʼlim muassasalarining kursantlari (tinglovchilari), harbiy yigʻinlarga chaqirilgan harbiy xizmatga majburlar va safarbarlik chaqiruvi rezervidagi xizmatni oʻtayotgan shaxslar, agar zarar komandirning (boshliqning) buyrugʻini bajarish yoxud asosli xizmat yoki xoʻjalik tavakkalchiligi yoki boshqa qonuniy harakatlar natijasida yetkazilganda moddiy javobgar boʻlmaydi. Harbiy xizmat majburiyatlarini (xizmat majburiyatlarini) bajarmayotgan paytda moddiy zarar yetkazgan harbiy xizmatchilar, oliy harbiy taʼlim muassasalarining kursantlari (tinglovchilari), harbiy yigʻinlarga chaqirilgan harbiy xizmatga majburlar va safarbarlik chaqiruvi rezervidagi xizmatni oʻtayotgan shaxslar fuqarolik qonunchiligiga muvofiq javobgar boʻladi.