Umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat toʻgʻrisida 48-4-modda. Zararning miqdorini aniqlash va zararni undirish tartibi

Moddiy zarar (moddiy va pul mablagʻlarining (qimmatliklarning) talon-toroj qilinganligi, kamomadi, behuda sarflanganligi, yoʻqotilganligi, yoʻq qilinganligi, shikastlanganligi, ishdan chiqarilganligi, ulardan qonunga xilof ravishda foydalanilganligi hamda ular qonunga xilof ravishda hisobdan chiqarilganligi faktlari) aniqlaganida komandirlar (boshliqlar) zararning kelib chiqishi sabablarini, miqdorini va aybdor shaxslarni aniqlash uchun belgilangan tartibda tergovga qadar tekshiruvni yoki xizmat tekshiruvini oʻtkazadi. Agar moddiy zararning sabablari, miqdori va aybdor shaxslar tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv, dastlabki tergov organlari yoki sud tomonidan aniqlangan boʻlsa, komandir (boshliq) tomonidan tergovga qadar tekshiruv yoki xizmat tekshiruvi oʻtkazilmasligi mumkin. Oʻz aybi bilan moddiy zarar yetkazgan harbiy xizmatchilar, oliy harbiy taʼlim muassasalarining kursantlari (tinglovchilari), harbiy yigʻinlarga chaqirilgan harbiy xizmatga majburlar va safarbarlik chaqiruvi rezervidagi xizmatni oʻtayotgan shaxslar moddiy zararning oʻrnini harbiy xizmatni (yigʻinlarni) oʻtash davrida yoki rezervga (zaxiraga) boʻshatilgan yoxud isteʼfoga chiqarilgandan keyin ixtiyoriy ravishda toʻliq yoki qisman qoplashi mumkin.