Turar joylarni almashtirish istagida boʻlgan fuqarolar mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlariga belgilangan shaklda arizani topshiradilar. Mulkdor, ijaraga oluvchi, uy-joy qurish yoki uy-joy kooperativi aʼzosining arizasiga quyidagilar ilova qilinadi: turar joyga boʻlgan huquqni belgilovchi hujjat yoki turar joy orderi; soliqlar, turar joydan foydalanish xarajatlari va kommunal xizmatlar boʻyicha qarzi yoʻqligi toʻgʻrisidagi maʼlumotnoma; idoraviy uy-joy fondining uyidagi turar joyni almashtirishda — shu fond egasining turar joyni almashtirishga roziligini tasdiqlovchi hujjat yoxud tegishli hollarda — sud qarorining nusxasi; turar joyning bir qismi almashtirilayotganda shu almashtirilayotgan turar joyda yashash uchun qolayotgan u yoki bu shaxs bilan nikohda boʻlganligi yoki qarindoshligini tasdiqlovchi hujjatlar; oilaning barcha voyaga yetgan, shu jumladan vaqtincha boʻlmagan aʼzolarining, davlat uy-joy fondi uylarida esa, shuningdek ijaraga oluvchi bilan doimiy yashayotgan fuqarolarning yozma roziligi; homiylik yoki vasiylikka olingan shaxsning foydalanishidagi turar joy almashtirilayotganida homiylik va vasiylik organining roziligi; turar joyini kooperativ aʼzosi bilan almashtirayotgan shaxs kooperativga qabul qilinganligi toʻgʻrisidagi uy-joy qurish yoki uy-joy kooperativi boshqaruvining qaroridan koʻchirma yoxud tegishli hollarda — sud qarorining nusxasi; bitta kooperativ aʼzolari oʻrtasida turar joylar almashtirilayotganda — uy-joy qurish yoki uy-joy kooperativi boshqaruvining almashtirishga roziligi toʻgʻrisidagi qaroridan koʻchirma yoxud tegishli hollarda — sud qarorining nusxasi. Barcha zarur hujjatlar taqdim etilgan kundan boshlab ariza qabul qilingan deb hisoblanadi.