Uy-joy kodeksi 125-modda. Koʻp kvartirali uydagi umumiy mol-mulkka boʻlgan mulk huquqidagi ulushlarni aniqlash

Koʻp kvartirali uydagi umumiy mol-mulkka nisbatan ulushli mulk har bir ishtirokchisining ulushi shu uyning umumiy maydonidagi unga qarashli joy maydoni ulushiga mos boʻladi. Koʻp kvartirali uydagi umumiy mol-mulkka nisbatan ulushli mulk ishtirokchisi oʻz ulushini boshqa shaxsga berishga, undan fuqarolar yoki yuridik shaxslar foydasiga voz kechishga, shuningdek uni oʻziga qarashli turar joyga yoki yashash uchun moʻljallanmagan joyga boʻlgan mulk huquqidan alohida tarzda boshqa shaxsga oʻtishiga sabab boʻluvchi oʻzga xatti-harakatlar sodir etishga haqli emas. Turar joyga yoki yashash uchun moʻljallanmagan joyga boʻlgan mulk huquqi koʻp kvartirali uydagi umumiy mol-mulkka boʻlgan ulushli mulk huquqidan ajralmasdir. Koʻp kvartirali uydagi turar joyga yoki yashash uchun moʻljallanmagan joyga boʻlgan mulk huquqi yangi mulkdorga oʻtganda u shu uydagi umumiy mol-mulkka nisbatan ulushli mulk ishtirokchisi boʻladi.