Turar joyga boʻlgan mulk huquqi va boshqa ashyoviy huquqlar, bu huquqlarning vujudga kelishi, boshqaga oʻtishi, cheklanishi va bekor boʻlishi davlat roʻyxatidan oʻtkazilishi shart. Turar joyga boʻlgan mulk huquqi va boshqa ashyoviy huquqlarni hamda uy-joyga oid bitimlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarni va unga doir bitimlarni roʻyxatdan oʻtkazuvchi organda amalga oshirilib, ushbu organ mulk huquqi, boshqa ashyoviy huquq yoki bitim roʻyxatga olinganligi toʻgʻrisida hujjat beradi yoxud roʻyxatdan oʻtkazish uchun taqdim etilgan hujjatga ustxat yozib qoʻyadi. Turar joyga boʻlgan mulk huquqini va boshqa ashyoviy huquqlarni hamda turar joyga oid bitimlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazishni rad etish yoxud roʻyxatdan oʻtkazish muddatlari buzilishi ustidan sud tartibida shikoyat qilinishi mumkin.