Uy-joy fondini saqlash faoliyati uylarni boshqarishga, ularga xizmat koʻrsatishga (tegishli texnik va sanitariya holatini saqlab turishga), ularni taʼmirlashga oid faoliyatni hamda ularni saqlashga va ularda yashash hamda koʻp kvartirali uyga tutash, obodonlashtirish elementlari boʻlgan yer uchastkasidan foydalanish uchun zarur sharoitlar yaratishga qaratilgan boshqa faoliyatni oʻz ichiga oladi. Uy-joy fondiga xizmat koʻrsatish va uni taʼmirlash belgilangan standartlar, normalar va qoidalarga muvofiq amalga oshiriladi. Xususiy uy-joy fondini saqlash xarajatlarini moliyalashtirish mulkdorlarning mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi. Munitsipal uy-joy fondini va aniq maqsadli kommunal uy-joy fondini saqlash xarajatlarini moliyalashtirish mahalliy budjet mablagʻlari hisobidan belgilangan tartibda amalga oshiriladi. Idoraviy uy-joy fondini saqlash xarajatlarini moliyalashtirish uy-joy fondi oʻz tasarrufida hamda balansida turgan davlat muassasalari va tashkilotlarining mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi. Favqulodda vaziyatlar oqibatida vayron boʻlgan uy-joy fondini tiklash xarajatlarini moliyalashtirish Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori asosida amalga oshiriladi. Koʻp kvartirali uylarni joriy va kapital taʼmirlash uchun mablagʻlarni jamlash (yigʻish) tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.