Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar toʻgʻrisida 5-modda. Vijdon erkinligini taʼminlashning asosiy ustuvorliklari

Vijdon erkinligini taʼminlashning asosiy ustuvorliklari quyidagilardan iborat: fuqarolarning dinga munosabatidan qatʼi nazar, diniy qarashlarni majburan singdirishga yoʻl qoʻymagan holda, ularning vijdon erkinligiga boʻlgan oʻz huquqlarini amalga oshirishi uchun teng shart-sharoitlar yaratish; konfessiyalar oʻrtasidagi tinchlik va totuvlikni mustahkamlash, jamiyatda diniy bagʻrikenglikni taʼminlash; vijdon erkinligini taʼminlashda dunyoviy davlat qurilishini saqlab qolish; vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar toʻgʻrisidagi qonunchilikka fuqarolar hamda diniy tashkilotlar tomonidan rioya etilishini taʼminlash; jamoat tartibiga, Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining sogʻligʻi va axloqiga, huquq va erkinliklariga tahdid soluvchi diniy gʻoyalar hamda qarashlarning singdirilishi va tarqatilishiga qarshi kurashish. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari boʻyicha qoʻmita vijdon erkinligini, shuningdek vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar toʻgʻrisidagi qonunchilikning amalda izchil hamda bir xil tarzda qoʻllanilishini taʼminlashga doir choralarning amalga oshirilishi uchun masʼul boʻlgan vakolatli davlat organidir (bundan buyon matnda vakolatli organ deb yuritiladi).