Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar toʻgʻrisida 7-modda. Dinning davlatdan ajratilganligi

Oʻzbekiston Respublikasida din davlatdan ajratilgan. Oʻzbekiston Respublikasida diniy tashkilotlar va davlat organlarining faoliyati oʻzaro aralashmaslik asosida amalga oshiriladi. Davlat turli dinlarga eʼtiqod qiladigan va ularga eʼtiqod qilmaydigan fuqarolar, turli dinlarga mansub diniy tashkilotlar oʻrtasida oʻzaro murosa va hurmat oʻrnatilishiga koʻmaklashadi, diniy aqidaparastlik hamda ekstremizmga, munosabatlarni qarama-qarshi qoʻyish va keskinlashtirishga, turli konfessiyalar oʻrtasida adovatni avj oldirishga qaratilgan xatti-harakatlarga yoʻl qoʻymaydi. Davlat konfessiyalarning tinch-totuv yashashiga kafil boʻladi. Missionerlik va prozelitizmni amalga oshirishga yoʻl qoʻyilmaydi. Davlat diniy tashkilotlar zimmasiga davlatning biror-bir vazifalarini bajarishni yuklamaydi, ularning qonunchilikka zid boʻlmagan faoliyatiga aralashmaydi. Diniy tashkilotlar davlat vazifalarini bajarmaydi. Davlat diniy tashkilotlarning faoliyatini moliyalashtirmaydi va dinga eʼtiqod qiluvchilarning din bilan bogʻliq his-tuygʻularini haqoratlaydigan faoliyatga yoʻl qoʻymaydi. Oʻzbekiston Respublikasida diniy ruhdagi siyosiy partiya va boshqa jamoat birlashmasining, respublikadan tashqarida tuziladigan diniy partiyalar vakolatxonalari va filiallarining tashkil etilishiga hamda faoliyatiga, siyosiy partiyalar va siyosiy maqsadlarni koʻzlovchi boshqa jamoat birlashmalari faoliyatida diniy tashkilotlarning ishtirok etishiga, shuningdek ularga moliyaviy yoki boshqa yordam koʻrsatishiga yoʻl qoʻyilmaydi.