Yer kodeksi 10-modda. Yer uchastkasi

Yer uchastkasi — yer fondining qayd etilgan chegaraga, maydonga, joylashish manziliga, huquqiy rejimga hamda davlat yer kadastrida aks ettiriladigan boshqa xususiyatlariga ega boʻlgan qismidir. Yer uchastkasining chegarasi planlarda (chizmalarda) qayd etiladi va naturada (joyning oʻzida) belgilanadi. Yer uchastkasining maydoni naturada (joyning oʻzida) chegara belgilanganidan keyin aniqlanadi. Yer uchastkasi boʻlinadigan va boʻlinmaydigan boʻlishi mumkin. Oʻzining ruxsat etilgan foydalanishning asosiy turini oʻzgartirmagan va yongʻinga qarshi, sanitariya, ekologiyaga oid, shaharsozlik hamda boshqa majburiy normalar va qoidalarni buzmagan holda qismlarga boʻlish mumkin boʻlgan va bu ish amalga oshirilganidan keyin hosil boʻlgan qismlarning har biri mustaqil yer uchastkasini tashkil etishi mumkin boʻlgan yer uchastkasi boʻlinadigan yer uchastkasi hisoblanadi. Ruxsat etilgan foydalanishning asosiy turiga koʻra mustaqil yer uchastkalariga boʻlinishi mumkin boʻlmagan yer uchastkasi boʻlinmaydigan yer uchastkasi hisoblanadi.

2¹-bob. Yer uchastkalaridan ruxsat etilgan foydalanish turlari, ularni oʻzgartirish tartibi va ruxsat etilgan foydalanishning belgilangan asosiy turidan qatʼi nazar yer uchastkalaridan foydalanish