Maʼmuriy-hududiy birliklarning chegaralarini joyning oʻzida belgilashga doir materiallar, shuningdek istiqbolga moʻljallangan hamda loyihalash oldidan yer tuzish ishlariga doir boshqa materiallar qonunchilikda belgilangan tartibda koʻrib chiqiladi va tasdiqlanadi. Xoʻjaliklararo va xoʻjalik ichidagi yer tuzish loyihalari qishloq xoʻjaligi hamda oʻrmon xoʻjaligi korxonalari, muassasalari va tashkilotlari mol-mulkining mulkdorlari yoki ular vakolat bergan organlar tomonidan koʻrib chiqiladi va qabul qilinadi, shuningdek manfaatdor tashkilotlar bilan kelishiladi. Xoʻjaliklararo yer tuzish loyihalari viloyat va Toshkent shahar hokimi tomonidan tasdiqlanadi. Qishloq xoʻjaligi va oʻrmon xoʻjaligi korxonalari, muassasalari hamda tashkilotlarining ichki xoʻjalik yer tuzish loyihalari tumanlar va shaharlar hokimlari tomonidan, qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan sugʻorilmaydigan yerlarda yer uchastkasidan ruxsat etilgan foydalanishning asosiy turiga mos boʻlgan qurilish obyektlarini joylashtirishni (qurishni) nazarda tutuvchi ichki xoʻjalik yer tuzish loyihalari esa viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari tomonidan tasdiqlanadi. Yer tuzish loyihalariga oʻzgartirishlar ushbu loyihalarni tasdiqlagan organlarning ruxsati bilan kiritiladi. Bunda qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan sugʻorilmaydigan yerlarda yer uchastkasidan ruxsat etilgan foydalanishning asosiy turiga mos boʻlgan qurilish obyektlarining turlari Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi. Yer tuzishni Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi hamda Kadastr agentligi organlari davlat budjeti mablagʻlari hisobidan amalga oshiradi. Qishloq xoʻjalik ekinzorlarini joylashtirish, yerlarni yaxshilash va muhofaza qilish, eroziyaga qarshi va melioratsiya tadbirlarini amalga oshirish borasidagi yer tuzish loyihalarini ishlab chiqish yuridik va jismoniy shaxslarning talabnomalariga muvofiq ular hisobidan amalga oshirilishi mumkin.