Yer kodeksi 30-6-modda. Servitut uchun haq toʻlash

Servitut kimning manfaatlarini koʻzlab belgilangan boʻlsa, oʻsha shaxs, agar qonunda yoki servitut toʻgʻrisidagi shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilmagan boʻlsa, servitut uchun haq toʻlashi shart. Servitut uchun haq servitut belgilangan yer uchastkasi uchun yer soligʻi (ijara haqi) summasini, shuningdek servitutdan foydalanish jarayonida yer egalari, yerdan foydalanuvchilar, yer uchastkalarining ijarachilari va mulkdorlariga yetkazilgan zararni (boy berilgan foydani) kompensatsiya qilish maqsadida belgilanadi. Servitut uchun haq toʻlash bir martalik yoki muntazam toʻlab boriladigan koʻp martalik toʻlov tarzida amalga oshirilishi mumkin. Servitut uchun haq miqdori servitut belgilangan yer uchastkasi doirasida yoki u belgilangan chegaralar doirasida hisoblab chiqariladi. Yer uchastkasining servitut belgilangan muayyan qismi uchun yer soligʻi (ijara haqi) yer egalari, yerdan foydalanuvchilar, yer uchastkalarining ijarachilari va mulkdorlari tomonidan toʻlanadi, bunda servitut uchun toʻlanadigan (bir martalik yoki doimiy) haq miqdori servitut amal qiladigan davrdagi yer soligʻi (ijara haqi) summasidan kam boʻlishi mumkin emas. Quyidagi hollarda servitut haq undirmasdan (tekin) amalga oshirilishi mumkin: tunnellarda avtomobil yoʻllari yoki temir yoʻllari qurish, shuningdek avtomobil yoʻllarining muhofaza zonalaridan foydalanish maqsadida servitut belgilanganda; muhandislik-texnik jihatdan taʼminlash, tegishli texnik-texnologik ulanish ishlarini amalga oshirish maqsadida servitut belgilanganda.