Yuridik va jismoniy shaxslarning yer uchastkalariga boʻlgan huquqlari davlat roʻyxatiga olinishi kerak. Yer uchastkalariga boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatiga olish yer uchastkalari joylashgan yerda amalga oshiriladi. Koʻchmas mulk obyektlariga boʻlgan huquqlarning davlat reyestriga quyidagilar kiritiladi: 1) yer uchastkasiga boʻlgan huquqni olgan shaxs toʻgʻrisidagi maʼlumotlar; 2) yer uchastkasining tavsifi (yerlarning toifasi, ruxsat etilgan foydalanishning asosiy turi, maydonining turi, sathi, birgalikda egalik qilish yoki foydalanish ulushi, chegaralari, kadastr tartib raqami va boshqa tavsifnomalari); 3) yer uchastkasi berish toʻgʻrisidagi shartnoma talablariga, yer uchastkasini saqlash vazifalari va servitutlarga oid maʼlumotlar; 4) viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarining yer uchastkasini jamoat ehtiyojlari uchun doimiy foydalanishga berish haqidagi qarorlari; 5) qonunchilikda belgilangan boshqa maʼlumotlar. Yuridik va jismoniy shaxslarning yer uchastkalariga boʻlgan huquqlarini davlat roʻyxatiga olish yer uchastkalariga boʻlgan huquqlar toʻgʻrisidagi zarur hujjatlar ham ilova etilgan ariza kelib tushgan paytdan eʼtiboran oʻn kunlik muddatda tegishli vakolatli organ tomonidan amalga oshiriladi, qonunchilikda nazarda tutilgan hollar bundan mustasno. Yer uchastkalariga boʻlgan huquqlar davlat roʻyxatiga olinganligi toʻgʻrisida Koʻchmas mulk obyektlariga boʻlgan huquqlarning davlat reyestridan elektron koʻchirma beriladi. Yer uchastkasiga boʻlgan huquqni davlat roʻyxatiga olishni rad etish uchun quyidagilar asos boʻladi: davlat roʻyxatiga olish organida mazkur yer uchastkasi kimga tegishli ekanligi toʻgʻrisida nizo borligidan dalolat beruvchi hujjatlar mavjudligi; davlat roʻyxatiga olish organida mazkur yer uchastkasi qonunda belgilangan tartibda olib qoʻyilganligi toʻgʻrisida maʼlumotlar mavjudligi. Yer uchastkalariga boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatiga olish tartibi qonunchilik bilan belgilanadi.