Yer kodeksi 41-modda. Yer uchastkalariga boʻlgan huquqlarning kafolatlari

Yer egalari, yerdan foydalanuvchilar, yer uchastkalarining ijarachilari va mulkdorlari faoliyatiga davlat, xoʻjalik organlari va boshqa organlar hamda tashkilotlarning, shuningdek ular mansabdor shaxslarining aralashuvi taqiqlanadi, qonunchilikda nazarda tutilgan hollar bundan mustasno. Yer egalari, yerdan foydalanuvchilar, yer uchastkalari ijarachilari va mulkdorlarining buzilgan huquqlari qonunchilikda nazarda tutilgan tartibda tiklanishi kerak. Yer egalari, yerdan foydalanuvchilar, yer uchastkalari ijarachilari va mulkdorlari huquqlarining buzilishi natijasida yetkazilgan zarar (shu jumladan boy berilgan foyda) toʻla hajmda qoplanishi kerak. Jismoniy va yuridik shaxslarga tegishincha meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish, doimiy egalik qilish, doimiy foydalanish, muddatli (vaqtincha) foydalanish yoki ijara huquqi asosida tegishli boʻlgan yer uchastkalarini jamoat ehtiyojlari uchun olib qoʻyish faqat qonunda nazarda tutilgan kompensatsiya toʻla hajmda berilganidan keyin amalga oshiriladi. Yer uchastkasini, shuningdek binolar, inshootlar va boshqa koʻchmas mulkni ular joylashgan yer uchastkasi bilan birga jamoat ehtiyojlari uchun qayta sotib olish, shuningdek ularni musodara qilish va rekvizitsiya qilish qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.