Yer kodeksi 44-modda. Sugʻoriladigan yerlar

Qishloq xoʻjaligida foydalanish va sugʻorish uchun yaroqli boʻlgan, suv resurslari shu yerlarni sugʻorishni taʼminlay oladigan sugʻorish manbai bilan bogʻlangan doimiy yoki muvaqqat sugʻorish tarmogʻiga ega boʻlgan yerlar sugʻoriladigan yerlar jumlasiga kiradi. Yer fondining boshqa toifalariga taalluqli boʻlgan sugʻoriladigan yerlar ham davlat yer kadastrida sugʻoriladigan yerlar sifatida hisobga olinadi. Agar qonunda boshqacha tartib nazarda tutilmagan boʻlsa, mazkur yerlarga nisbatan ushbu Kodeksda sugʻoriladigan yerlar uchun belgilangan barcha talablar va shartlar tatbiq etiladi. Suv xoʻjaligi organlari sugʻoriladigan yeri boʻlgan yer egalari va yerdan foydalanuvchilarni manbalarning sersuvligini hisobga olgan holda joriy etilgan limitlar boʻyicha suv toʻgʻrisidagi qonunchilik bilan belgilanadigan tartibda suv bilan taʼminlashi shart. Sugʻoriladigan yerlardan faqat qishloq xoʻjaligi ekinlarini yetishtirish, shuningdek bogʻdorchilik, uzumchilik va koʻp yillik dov-daraxtlar yetishtirish uchun foydalanilishi mumkin. Sugʻoriladigan yerlarni qishloq xoʻjaligidan boshqa maqsadlar uchun, shu jumladan sanoat va fuqarolik obyektlari (binolar va inshootlar) qurilishi uchun, shuningdek unumdor tuproq talab etilmaydigan ilgʻor texnologiyalarning (gidroponika va boshqalar) yangi usullari qoʻllaniladigan issiqxonalar qurilishi uchun ajratishga yoʻl qoʻyilmaydi. Sugʻoriladigan yerlarda qishloq xoʻjaligi ekinlarini yetishtirishda ularga tuproq unumdorligi pasayishiga olib keladigan tarzda usullar bilan ishlov berish yoki ularning shikastlanishiga olib keluvchi boshqa usullarni qoʻllash taqiqlanadi.