Yer kodeksi 48-modda. Qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yerlardan foydalanish sohasida yer egalari, yerdan foydalanuvchilar va ijarachilarning majburiyatlari

Qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yerlardan foydalanuvchi yer egalari, yerdan foydalanuvchilar va ijarachilar: 1) biznes-rejalarda tuproq unumdorligini oshirish va yerlardan oqilona foydalanish yuzasidan aniq tadbirlarni nazarda tutishlari; 2) zona sharoiti va xoʻjalikning ixtisoslashuviga muvofiq ilmiy asoslangan almashlab ekishni, dehqonchilikning eng samarali va iqtisodiy jihatdan oqilona tizimlarini joriy etishlari; 3) haydaladigan yerlar asralishi va kengaytirilishini taʼminlashlari; 4) meliorativ jihatdan nobop sugʻoriladigan yerlarni kompleks rekonstruksiya qilishlari, pichanzor va yaylovlarga suv chiqarishlari hamda ularning holatini yaxshilashlari; 5) xoʻjalikning butun ichki sugʻorish va kollektor-drenaj tarmogʻini hamda undagi inshootlarni texnikaviy jihatdan soz holatda saqlashlari; 6) qishloq xoʻjaligi ishlab chiqarishini sugʻoriladigan yerlarning shoʻr bosishi va zaxlanishiga, yerlarning va suv manbalarining ifloslanishi va zararlanishiga yoʻl qoʻymaydigan usullar bilan amalga oshirishlari; 7) qishloq xoʻjalik ekinlari va dov-daraxtlarni parvarish qilishning suv tejaladigan texnologiyalarini, sugʻorishning ilgʻor usullarini joriy etishlari; 8) yerlarni muhofaza qilish yuzasidan, shu jumladan sugʻoriladigan yerlarni oʻzboshimchalik bilan egallab olishga yoʻl qoʻymaslik yuzasidan ushbu Kodeksga va boshqa qonunchilik hujjatlariga muvofiq choralar koʻrishlari shart.